
YeBRR moliyaviy tizimning “yashil” rivojlanishi uchun Oʻzbekistonga $200 mln gacha mablagʻ ajratishi mumkin
Tegishli memorandum Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeBRR) oʻrtasida imzolandi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Oʻzbekiston moliyaviy tizimini “yashillash” uchun mablagʻ ajratishni rejalashtirmoqda
Bu YeBRR va Iqtisodiyot va moliya vazirligi oʻrtasida imzolangan Oʻzbekistonning dekarbonizatsiya strategiyasini ilgari surish va yashil iqtisodiyotga oʻtishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha hamkorlik memorandumida nazarda tutilgan. Ushbu memorandum doirasida moliyaviy tizimni “yashillash” uchun $200 mln gacha boʻlgan maxsus moliyalashtirish dasturini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan moliyaviy mexanizmlarni oʻrganish va joriy etish rejalashtirilgan.
Boku shahrida boʻlib oʻtgan BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyasi (COP29) doirasidagi uchrashuvda idoralar oʻrtasida YeBRR bilan birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalarning hozirgi holati, xususan, Oʻzbekistonda metan chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan saʼy-harakatlar muhokama qilindi.
Tomonlar, shuningdek, Oʻzbekistonning Parij kelishuviga muvofiq uzoq muddatli past uglerodli va iqlimga chidamli rivojlanish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha hamkorlik istiqbollari toʻgʻrisida kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunlariga koʻra, tomonlar moliyaviy sektorni “yashillash”, chiqindilarni qayta ishlash va oqova suvlarni tozalash sohalaridan chiqindilarni kamaytirish boʻyicha investitsiya dasturini ishlab chiqish hamda suv, oziq-ovqat va energetika sohalarida milliy Nexus platformasini amalga oshirish masalalari boʻyicha memorandum doirasida hamkorlik qilishga kelishib oldilar.